NOMA’LUM SINGLIMGA MAKTUB
Darvozada bir qiz kirish uchun izn so‘rayotganini aytishibdi. Domla ruxsat bergach, ming bir
istehola bilan qimtinibgina ostonada mehmon qiz paydo bo‘libdi.
– Hazrat, men sizdan bir savolning javobni bilgani keldim, – debdi ojiza. – Ko‘p
kitoblarni ko‘rdim, ammo javob topolmadim.
– Qanday savol ekan?
– Qur’onni ota-onamdan yashirib yodlasam bo‘ladimi?
– Nima, ota-onangiz Qur’on yodlashingizga qarshilik qilyaptimi? – debdi domla
hayratlanib.
– Yo‘q.
– Unda nega buni yashirmoqchisiz?
– Qiyomatda ota-onamga Karomat tojini sovg‘a qilmoqchiman. “Sovg‘a”ni o‘sha paytda
ko‘rsatsam degandim, – debdi qiz.
Domlaning ko‘zlarida yosh aylanadi.
– Ayni o‘yin-kulgiga moyil yoshda, shunday ulug‘ ishga ehtiyoj tuyganiga qarang, – deydi
mutaassir bo‘lib.
Ich-ichimdan tulqinlanib ketaman. Negadir bu hol mening zamonam uchun noyob hodisadek
tuyuladi. Yon-atrofdan seni – “noyob hodisa”ni, pokiza niyatli xilqatni axtaraman.
Nozikkina vujuding va bahor yaproqlariday titrab turgan qalbingga shunday ulkan
maqsadni joylaganing naqadar saodatdir, singiljon! Sen oldingda yastanib yotgan beshafqat
hayot sarhadlaridan izlaganingni qanchalik topasan, buni bilmadim, ammo sening shu
qarorga kelishingning o‘zi buyuk inqilobdir! Sening mana shu maqsadingning o‘zi buyuk
ajrdir!
“Karomat toji”ni axtarib yurgan singlim, onajonim, sen qanchalar yaxshisan! Yaxshiliging
shundaki, sendan va senga o‘xshaganlardangina pokiza avlod o‘sib chiqajak. Pokiza avloddan
buyuk millat paydo bo‘ladi. Imom Buxoriy hazratning onalari aytadi-ku: “O‘g‘lim Ismoilni
biror marta tahoratsiz emizganimni eslay olmayman”.
O‘tgan kunlarning birida ishxonamizga bir qizaloq kirib keldi. Butun vujudini yopib
turgan mato nari borsa bir metr bo‘lsa kerak. Egniga ilib olgan kuylagi tizzadan naq bir
qarich tepada to‘xtab qolgan. Ishonchim komilki, uni to shu xonagacha o‘nlab, yuzlab ko‘zlar
kuzatib kelgan va yana shuncha ko‘zlar kuzatib qo‘yajak! Men bu mahliyo ko‘zlar ta’qibida tilka-
pora bo‘lib ketgan kuylak sohibasiga ming bir istehola bilan tanbeh bergan kishi bo‘laman.
U esa meni zamon ko‘zgusiga rubaro‘ qiladi. U shu ko‘zguga qarab o‘ziga oro beradi va shu ko‘zgu
qoshida baxtli bo‘lmoq istaydi. Men unga baxtni yalang‘och bo‘lib izlash shart emas, degim
keladi. Lekin bu gapni aytolmayman. Chunki uning tiynatida ham hali kuylagi yo‘qligini
bilib qolaman.
Oxirat sovg‘asini izlab yurgan singlim, sening yutug‘ing shundaki, sen baxtni axtarmaysan, u
seni izlab topadi. Balki baxt sening o‘zingdadir! Qalbingdagi buyuk maqsad, ichingdagi
iffat va hayo, tilingdagi hamdu sano – baxtning boshqa ismini bilmayman, axir!
Bilasanmi, bir paytlar Toshkentning qoq kindigi hisoblanmish Samarqand darvozasi
mavzeida bir qori-domla o‘tganlar. Bu kishining nomi qori-domla bo‘lsalar-da, o‘zlari hech
qachon masjid yo madrasada xizmat qilgan emas. Bir umr avtoparkda, oddiy ishchi bo‘lib o‘tgan.
U kishining Qur’oni karimni to‘liq hifz qilgan qori ekanini sanoqli kishilargina
bilishgan. O‘zini oshkor qilishdan qo‘rqqanlar. Bor-yo‘g‘i ilmini xaspushlash uchun
avtoparkda ishchi bo‘lib yuravergan. Qori-domla kechalari el uyquga ketganida kunduz kungi
qazo namozlarini o‘qib, yig‘lar ekanlar: “Parvardigaro, Sen menga ilm berding, lekin men
buni yaxshilikka, oddiy farzandlarim ta’lim-tarbiyasi uchun ham tadbiq etolmadim”.
Oradan yillar o‘tibdi. Oilada uch nafar o‘g‘il birin-ketin voyaga yetibdi. Bir kuni qori-
domlani yarim kechasi ayoli turtib uyg‘otibdi:
– Otasi, uyga kiring, sizga uchta sovg‘am bor, – debdi.
Bemahalda berilajak “sovg‘a”ni eshitgan qori-domla ming bir xavotir bilan uyiga kiribdi.
Qarasa, mehmonxonada uchta joynamoz ustida uch o‘g‘il o‘tirgan emish. Umrida “Bismillo”ni
o‘rgatmagan ota o‘g‘illarini joynamozda o‘tirganini ko‘rib, ayoliga qarab hayratlanibdi.
– Otasi, o‘g‘illaringizni Qur’ondan imtihon qilib ko‘ring-chi, savodi qay darajada ekan, –
debdi ayoli.
– Axir bular Qur’onni qayerdan bilishadi!
– Siz avval so‘rab ko‘ring-chi!
Qori-domla birin-ketin o‘g‘illariga yuzlanibdi. O‘g‘illar Qur’onning istagan joyidan
qiroat bilan, fasohat va balog‘at bilan yoddan o‘qiy boshlabdilar. Ko‘zlaridan tirqirab
oqayotgan sevinch yoshlarini yashirolmagan ota ayoliga yuzlanibdi:
– Bu qanday mo‘’jiza?
– Bu hech qanday mo‘’jiza emas, otasi. Bugun huftonda kenjatoyingiz ham akalari singari
Qur’oni karimni to‘liq hifz qilib bo‘ldi. Qo‘limdan kelgani shu: mana sizga uchta zabardast
qori!
Qori-domla ayolining qo‘llarini ko‘zlariga surtib hungrab yig‘lab yuboribdi.
Mening saodatli singlim, sen o‘sha onaning nevarasi emasmisan? Tanidim, sen o‘sha ayolning
qavmidansan! Men buni sening niyatingdan, jur’atingdan tanidim. Endi senga bir savol:
atrofingga qara-chi, opa-singling ko‘pmi? Chunki SЕNING ko‘pliging, yaxshilikning,
ilmning, hikmatning ko‘pligidir.
Imom Shofe’iy hazrat haqida eshitgansan, to‘g‘rimi? Bir kuni o‘sha zot, ustozining ziyoratiga
bormoqchi bo‘libdi. Imom Shofe’iyning kelayotganini eshitgan ustoz, qiziga aytibdilarki:
“Uyimizga bir nozik didli mehmon kelayotgan ekan. Hammayoqni pokiza qil, ozgina taom
tayyorla, chunki u kishi juda kam ovqat yeydi. Kechqurun 2-3 ta obdastada tahorat suvi tayyorlab
qo‘y, chunki mehmon kechasi bilan namoz o‘qiydi”, debdi.
Imom Shofe’iydek zotga ustozlik qilgan odamning tarbiyasini olgan qizning aqlu
farosati ham shunga yarasha bo‘ladi-da. Qiz otasi aytgan ishlarning hammasini
risoladagidek ado etibdi. Biroq qizni bir narsa hayratlantiribdi: kechqurun shunchaki
mulozamat yuzasidan mehmonning oldiga qo‘yilgan bir lagan taomdan bir qoshiq ham
qolmabdi. Ertalab qarasa, mehmonxona eshigi tagiga tayyorlab qo‘yilgan 2-3 ta obdastadagi
suv kamaymasdan turgan emish. Otasi maqtagan mehmon hatto bomdod namoziga ham turmabdi.
Qiz bu hayratlarini otasiga aytibdi. Bundan ustoz ham taajjublanib, mehmonxonaga
boribdilar. Qarasa, Imom Shofe’iy hazrat hamon joynamozda o‘tirgan ekan.
– Hazrat, – debdi Imom Shofe’iyning yuzlaridan nur jilvalanib, – kechagi ovqatni kim
pishirgan bo‘lsa ham Allohning shunday bir muqarrab quli ekanki, bu taom olov bilan emas,
tasbeh va tahlil bilan pishgan ekan. Umrimda bunday xushta’m va tasbeh sadolari kelib
turgan ovqatni yemagan edim. Bu taom meni tuni bilan uxlashga qo‘ymadi. Xufton namozining
tahorati bilan bomdod namozini ham ado etdim.
“Karomat toji”ni izlab yo‘lga chiqqan singlim, balki sen o‘sha ustozning qizidirsan? Ha,
tanidim, sen o‘sha qizsan. Chunki sening ezgu niyatingdan ham tasbeh sadolari eshitilib
turibdi. Sen to Uning huzuriga borguncha o‘sha sadolarning sohibasi bo‘l! Shunda “Karomat
toji”ni topasan! Safaring bexatar bo‘lsin…