BU BESH KUNLIK DUNYODA

Bu “besh kunlik” dunyoda

Shayton aytar: Ko’pham joning qiynama,
Etim ko’rsang yurak-bag’ring tig’lama,
Befarq bo’lgin-har narsaga yig’lama
Yayrab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ayb emasdur o’g’irlik bu ro’shnoda,
Qancha davlat yig’sang bo’lmas ziyoda,
Umring o’tar suv oqqandek daryoda,
Yashab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ko’rmaysanmi?—ne-ne go’zal jononlar,
Ayshin surar ular-la mard o’g’lonlar,
May ichishib,kayf qilishib shodonlar,
O’ynab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Kerak paytda mayli yolg’on so’zlagin,
Foyda bo’lsa qasam ichgin-bo’zlagin.
Yer yonsa ham pinagingni buzmagin.
Yayrab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ko’p urinma bo’lolmaysan farishta,
Faqat g’ovga duch kelasan har ishda,
Vijdon quli doim g’amda- tashvishda,
Quvnab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Vijdon aytar: Bandi bo\’lma Shaytonga,
Umr bir bor beriladi insonga,
Yomon otlik bo’lmay desang jahonga,
Meni tingla bu “besh kunlik” dunyoda.

O’zing o’yla- gar yonmasang, kuymasang,
Ezgu ishdan quvonmasang kulmasang,
Bulbullarni xonishini tuymasang,
Muddaong ne bu “besh kunlik” dunyoda?

Saxiy bo’lgin – mehmon to’lsin uyingga,
Neni topsang nasib etsin to’yingga,
Moling olib ketolmaysan go’ringga,
Ochko’z bo’lma bu “besh kunlik” dunyoda.

Aysh ishiga aralashgan shaytonlar,
Nafsingni tiy- so’ng qilasan pushmonlar,
Boda, og’u- bular bari dushmanlar,
Halol yasha bu “bu besh kunlik” dunyoda.

Ko’z olaytma sen birovning moliga,
Ohularni otma- qo’y o’z holiga,
Nazar solma o’zga juft haloliga,
Badnom bo’lma “bu besh kunlik” dunyoda.

To’g’ri – qiyin vijdoni bor odamga,
Sig’may qolar ba’zan bu keng olamga,
Ezgu ishim qolsin desang bolamga,
Vijdonli bo’l “bu besh kunlik” dunyoda.

Shayton:”Mening yo’lim to’g’ri-bor ” deydi.
Vijdon esa:”To’xta, bo’l hushyor” deydi-
“Bu uyatdir, va bunisi or” deydi.
Kimni tinglay “bu besh kunlik” dunyoda.

Shayton bilan olishadi vijdonim,
Goho har yon olib qochar xayolim,
Haq yo’lini o’zing ko’rsat imonim,
To’g’ri yashay bu “bu besh kunlik” dunyoda.

Olim Sharipov,
Chicago shahri.